uHamkorHujjatlar
Foydalanuvchi qo'llanmasi

Sinov maydoni

Loyihaning barcha sozlamalari va agentni jonli sinash oynasi: to‘rt yorliq, vidjet ko‘rinishi va debug paneli.

▶️ Sinov maydoni

Sinov maydoni — loyihaning boshqaruv markazi. Chap tomonda barcha sozlamalar, o‘rtada haqiqiy vidjetning nusxasi, o‘ngda esa agent javobni qanday tayyorlagani ko‘rinadigan panel joylashgan. Sozlamani o‘zgartirasiz, darhol shu yerda sinab ko‘rasiz.


Sahifa tuzilishi

  • Chapda — to‘rt yorliqli sozlamalar paneli: Umumiy, Ko‘rinish, Ovoz, Funksiyalar.
  • O‘rtada — vidjet ko‘rinishi va suhbatlar ro‘yxati.
  • O‘ngda — Debug va Ma’lumot yorliqlari bo‘lgan panel. Uni » tugmasi bilan yig‘ish mumkin.

Umumiy

Birinchi yorliqda loyihaning o‘zagi turadi.

Sinov maydoni: chapda sozlamalar, o‘rtada vidjet ko‘rinishi, o‘ngda Debug paneli.
  • Loyiha nomi va Domenlar — ro‘yxatdagi bilan bir xil maydonlar, shu yerdan ham tahrirlanadi.
  • Umumiy ko‘rsatma — agentning asosiy yo‘riqnomasi: biznesingiz, mahsulotlaringiz, qanday ohangda javob berishi. AI aynan shu matn asosida javob beradi.
  • Cheklovlar — taqiqlar ro‘yxati (masalan, «pul qaytarishni va’da qilmang»). Cheklovlar oxirgi bo‘lib qo‘llanadi va boshqa ko‘rsatmalardan ustun turadi.
  • Ma’lumot manbalari — o‘qitish holati (O‘qitilgan) va manbalar soni: fayl, sayt, matn. Batafsil ish Ma’lumot manbalari sahifasida.
  • Ko‘rinuvchanlik — Faol holat tugmasi. O‘chirilganda vidjet saytda ko‘rinmaydi va xabarlar qabul qilinmaydi.

Ko‘rinish

Ikkinchi yorliq uch bo‘limga bo‘lingan: Kontent, Imkoniyatlar, Ranglar.

Ko‘rinish → Kontent: til tanlagichi va vidjet matnlari.

Kontent bo‘limidagi matnlar har bir til uchun alohida saqlanadi. Yuqoridagi O‘zbek / English / Русский tanlagichi qaysi til tahrirlanayotganini belgilaydi va o‘ng tomondagi ko‘rinish ham shu tilga o‘tadi:

  • Bot nomi — xabarlar ustida ko‘rinadigan nom.
  • Sarlavha matn — vidjet sarlavhasi.
  • Salomlashuvchi xabar — suhbat boshidagi birinchi xabar.
  • Operatorga o‘tish xabari — suhbat operatorga uzatilganda ko‘rsatiladi.
  • AI javob bera olmagandagi xabar — agent javob topa olmaganda beriladigan matn.
  • Xabar yozish joyi ustidagi eslatma — ixtiyoriy ogohlantirish; bo‘sh qoldirilsa ko‘rsatilmaydi.
  • Tavsiya etilgan xabarlar — foydalanuvchiga taklif qilinadigan tayyor savollar. Yoqilganda ularni yozasiz va Tavsiyalarni doim ko‘rsatish tugmasi bilan suhbat davomida ham ko‘rinishini boshqarasiz.

Imkoniyatlar bo‘limida Foydalanuvchini tanishtirishni talab qilish, Sun’iy intellekt yoqish va AI ning ish vaqti (vaqt zonasi, kunlar va soatlar) sozlanadi. Ish vaqtidan tashqarida suhbatlar operatorga qoladi.

Ranglar bo‘limida vidjetning asosiy Rangi, Xabar foni rangi va ko‘rinish uchun Mavzu (Yorug‘ / Qorong‘i) tanlanadi.

Ovoz

Uchinchi yorliq qo‘ng‘iroqlarni boshqaradi. Ovozli rejim o‘chiq bo‘lsa, qolgan sozlamalar yashiringan bo‘ladi.

Ovoz yorlig‘i: audio va video qo‘ng‘iroq, yozib olish va AI analiz.
  • Audio qo‘ng‘iroq va Video qo‘ng‘iroq — vidjetda qaysi tugmalar chiqishini belgilaydi.
  • Qo‘ng‘iroqlarni yozib olish — yozuvlar Qo‘ng‘iroqlar bo‘limida saqlanadi. Yozib olish rejimi: Qo‘lda — operator o‘zi boshlaydi, Avtomatik — har bir qo‘ng‘iroq yoziladi.
  • AI analiz — yozuvni transkripsiya qilib, qoidalar bo‘yicha ball qo‘yadi.

Funksiyalar

To‘rtinchi yorliq loyihadagi funksiyalar ro‘yxatini va ularning holatini (Faol / Nofaol) ko‘rsatadi. Ular hali qo‘shilmagan bo‘lsa, Funksiyalarni boshqarish havolasi Funksiyalar sahifasiga olib boradi.

Agentni sinash

O‘rtadagi oyna — saytdagi vidjetning aynan o‘zi. Pastdagi maydonga savol yozib yuboring: javob oqim bilan chiqadi, tagida esa sarflangan vaqt va tokenlar soni ko‘rinadi. Javobni nusxalash yoki qayta generatsiya qilish tugmalari ham shu yerda.

Yuqoridagi Yangi suhbat tanlagichi avvalgi sinov suhbatlariga qaytaradi, + tugmasi esa yangisini boshlaydi. Keraksiz suhbatni ro‘yxatdan o‘chirish mumkin — u bilan birga debug tarixi ham o‘chadi.

Debug paneli

O‘ng paneldagi Debug yorlig‘i har bir javob qanday tayyorlanganini ko‘rsatadi: qaysi agent tanlandi, qaysi model ishlatildi, bilim bazasidan nechta bo‘lak topildi, qanday funksiyalar chaqirildi va qayerda xatolik bo‘ldi.

Debug paneli: tanlangan agent, model va topilgan bilim bo‘laklari.
  • Yozuvlar Hammasi, Funksiyalar, Pipeline va Xatoliklar bo‘yicha filtrlanadi.
  • Qatorni bossangiz tafsilotlar ochiladi: so‘rov, javob, topilgan kontekst, tokenlar va narx.
  • Yuklab olish tugmasi loglarni fayl qilib saqlaydi — muammoni jamoaga uzatish uchun qulay.
  • Ma’lumot yorlig‘ida joriy suhbat haqidagi qisqacha ma’lumot turadi: loyiha, suhbat nomi, xabarlar va funksiya chaqiruvlari soni, holat.

O‘zgarishlarni saqlash

Biror sozlamani o‘zgartirsangiz, chap panel ostida «Saqlanmagan o‘zgarishlar bor. Ularni saqlaysizmi?» paneli chiqadi. O‘zgarishlarni saqlash tugmasi ularni qo‘llaydi, Bekor qilish esa avvalgi holatga qaytaradi. Saqlanmagan o‘zgarishlar vidjet ko‘rinishida ko‘rinadi, lekin saytdagi haqiqiy vidjetga hali ta’sir qilmaydi.