uHamkorHujjatlar
Foydalanuvchi qo'llanmasi

Ma’lumot manbalari

Agentning bilim bazasi: fayl, sayt va matn qo‘shish, o‘qitishni boshqarish.

📚 Ma’lumot manbalari

Agent faqat o‘zi bilgan narsani aytadi. Ma’lumot manbalari — o‘sha bilimning manbasi: yuklangan hujjatlar, skanerlangan sayt sahifalari va qo‘lda yozilgan matnlar. Har bir manba o‘qitilgach, agent javob berayotganda undan tegishli bo‘laklarni topib ishlatadi.


Sahifa ko‘rinishi

Loyihada Konstruktor → Ma’lumot manbalari bo‘limini oching.

Ma’lumot manbalari: manbalar soni, o‘qitish tugmalari va manbalar jadvali.
  • Yuqorida turlar bo‘yicha hisob — Fayl, Sayt, Matn — va Umumiy hajm.
  • Jadval ustunlari: Nomi, Turi, Holati, Hajmi, Yaratilgan. Holat uch xil bo‘ladi: O‘qitilgan, Yangi (hali o‘qitilmagan) va Xatolik.
  • Qidiruv maydoni nom bo‘yicha izlaydi, o‘ng tomondagi Barcha manbalar tanlagichi esa turga qarab filtrlaydi.
  • Chapdagi katakchalar bilan bir nechta manbani belgilab, birdaniga o‘chirish mumkin. Qatordagi ⋮ menyusi bitta manbani tahrirlash yoki o‘chirish uchun.

Manba qo‘shish

Manba qo‘shish tugmasi uch xil manbani taklif qiladi.

Manba qo‘shish menyusi: fayl, sayt va matn.

Fayl qo‘shish

Fayl yuklash oynasi: til tanlagichi, fayl maydoni va cheklovlar.
  • Avval Tilni tanlang — barcha fayllar shu tilda yuklanadi. Til tanlanmasa, yuklash boshlanmaydi.
  • Qo‘llab-quvvatlanadigan formatlar: .docx, .md, .pdf. Har bir fayl uchun maksimal hajm — 10 MB.
  • Fayllarni maydonga tashlang yoki Fayllarni ko‘rish orqali tanlang.
  • PDF matni tanlanadigan bo‘lsin. Skaner qilingan (rasm ko‘rinishidagi) PDF dan matn olinmaydi — bunday fayl yuklansa, ogohlantirish chiqadi va bilimlar bazasiga hech narsa qo‘shilmaydi.

Sayt qo‘shish

Veb skanerlash: til, sayt manzili va havola filtrlari.
  • Til va sayt manzilini kiriting, so‘ng Skanerni boshlashni bosing — tizim saytdagi ochiq sahifalarni yig‘adi.
  • Havola filtrlari bo‘limida qaysi bo‘limlar skaner qilinishini (yoki qilinmasligini) belgilaysiz — masalan, faqat /help va /faq bo‘limlari.
  • Skaner tugagach topilgan sahifalar ro‘yxati chiqadi. Keraklilarini belgilab, AI ga o‘qitish uchun yuklash tugmasini bosing — faqat tanlanganlari bazaga tushadi.

Matn qo‘shish

Qisqa qoidalar, narxlar yoki ish vaqti kabi ma’lumotni fayl qilmasdan yozib qo‘yish uchun: Sarlavha va Matn maydonlarini to‘ldiring. Bu eng tez yangilanadigan manba turi.

Agentni o‘qitish

Yangi manba qo‘shilishi bilan agent uni bilib qolmaydi — avval o‘qitish kerak.

  • Agentni qayta o‘qitish — o‘qitishni qo‘lda boshlaydi. Jarayon davomida O‘qitish davom etmoqda yozuvi chiqadi; manbalar hajmiga qarab bu biroz vaqt olishi mumkin.
  • Avto qayta o‘qitish — yoqilgan bo‘lsa, agent har hafta yangilanadi va o‘zgarishlarni o‘zi tekshiradi.
  • Oxirgi o‘qitish sanasi sarlavha yonida turadi — bilim bazasi qachon yangilanganini shu yerdan bilasiz.

Manbani ko‘rish va tahrirlash

Qatorni bosish manba matnini ochadi; ⋮ → Tahrirlash esa uni o‘zgartirish rejimida ochadi. Saqlaganingizda manba qayta o‘qitiladi, asl fayl esa yuklab olish uchun joyida qoladi. Yon panelda manba haqidagi ma’lumot ko‘rinadi: turi, yuklangan sanasi, oxirgi o‘qitish va hajmi.

Foydali maslahatlar

  • Katta hujjatni bir nechta mavzuli faylga bo‘ling — agent kerakli bo‘lakni aniqroq topadi.
  • Eskirgan manbalarni o‘chiring: agent ular asosida ham javob berishda davom etadi.
  • Har bir tildagi ma’lumotni o‘sha til bilan yuklang — javob sifati sezilarli yaxshilanadi.
  • Manba qo‘shgandan keyin Sinov maydonida savol berib tekshiring: Debug panelidagi «bilim bo‘laklari» qaysi manba ishlaganini ko‘rsatadi.