Chatlar
Jonli yozishmalar: holatlar bo‘yicha yorliqlar, suhbatga qo‘shilish, o‘tkazish va yakunlash.
💬 Chatlar
Chatlar — operatorning asosiy ish joyi. Barcha kanallardan kelgan suhbatlar shu yerda to‘planadi: sayt vidjeti, Telegram, WhatsApp va boshqalar. Agent o‘zi javob bergan suhbatlar ham shu ro‘yxatda ko‘rinadi, kerak bo‘lganda operator ularga qo‘shiladi.
Suhbatlar ro‘yxati
Yuqoridagi yorliqlar suhbat holatini bildiradi va yonida ularning soni turadi:
- Chat Bot — hozircha AI agent olib borayotgan suhbatlar.
- Kutilmoqda — operator javobini kutayotganlari.
- Faol — operator ishlayotganlari.
- Hal qilingan — yakunlanganlari.
O‘ng tomondagi Kategoriyani tanlang tanlagichi suhbatlarni mavzu bo‘yicha ajratadi, chapdagi qidiruv esa suhbat matni bo‘yicha izlaydi. Har bir qatorda foydalanuvchi belgisi, oxirgi xabar va sana ko‘rinadi; o‘qilmagan xabarlar ajratib ko‘rsatiladi.
Suhbat oynasi
Suhbatni tanlaganda yozishmalar tarixi ochiladi. Foydalanuvchi xabarlari chapda, bot va operator javoblari o‘ngda turadi; bot xabarlari Chat Bot deb belgilanadi. Xabar ustiga bosib nusxalash, javob berish, tahrirlash yoki o‘chirish mumkin — tahrirlangan va o‘chirilgan xabarlarda kim o‘zgartirgani yozib qo‘yiladi.
Pastdagi maydondan matn, fayl va rasm yuboriladi; mikrofon tugmasi ovozli xabar yozadi. Loyihada qo‘ng‘iroqlar yoqilgan bo‘lsa, yuqorida audio va video qo‘ng‘iroq tugmalari chiqadi.
Suhbat bilan ishlash
- Chatga qo‘shilish — bot olib borayotgan suhbatga operator sifatida kirasiz va o‘zingiz javob bera boshlaysiz.
- Chatni o‘tkazish — ro‘yxatdan boshqa operatorni tanlaysiz; u qabul qilganda suhbat unga o‘tadi. O‘tkazish so‘rovi kelganda ekranda bildirishnoma chiqadi.
- Chatni yakunlash — suhbatni Hal qilingan holatiga o‘tkazadi. Bu amalni bekor qilib bo‘lmaydi.
- Kategoriya belgilash — suhbat mavzusini tanlash; keyinchalik shu bo‘yicha filtrlash va agentga biriktirish ishlaydi.
- Chatni qistirish — muhim suhbatni ro‘yxat tepasida ushlab turadi.
Shablon xabarlar
Tez-tez takrorlanadigan javoblarni qo‘lda yozib o‘tirmang: Sozlamalar → Shablon xabarlar bo‘limida saqlangan matnlarni suhbatda qidirib topib qo‘yish mumkin.
Murojaatga aylantirish
Suhbat davomida rasmiy murojaat yaratilsa, chatda uning raqami bilan kartochka chiqadi. Kartochkani bosib Murojaatlar bo‘limidagi to‘liq ma’lumotga o‘tiladi.